23 iyun kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashirincha ravishda faoliyat yuritib kelayotgan “Tavhid va jihod katibasi” (TJK) xalqaro terrorchilik tashkiloti tarafdorlarining aniqlangani va qo‘lga olingani haqida IIV axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu shaxslarni qo‘lga olish maqsadida Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Markaziy Ichki ishlar boshqarmasi va Toshkent shahar Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan birgalikda tezkor tadbirlar olib borilgan.

“Dastlabki to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxslar hozirda Suriyada xalqaro terrorchilik tashkiloti, TJK safida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, 2001 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan A. Abduqahhorov va uning rahnamolarining g‘oyaviy ta’siriga tushib, internet orqali ekstremistik mazmundagi videoroliklarni muhokama qilib, „hijrat“ va „jihod“ amallarini bajarish maqsadida Suriya Arab Respublikasiga chiqib ketishni rejalashtirganlar”, — deyiladi xabarda.

Qo‘lga olinganlarning uch nafari ilgari terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazolangan, deya ma’lumot beradi IIV.

Jinoyat kodeksi 2442-moddasi 1-qismiga binoan (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarni tuzish, rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida Toshkent shahrining Olmazor, Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy va Sirg‘ali hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududidagi 25 ta manzillarda tintuv tadbirlari o‘tkazilib, 25 nafar shaxslar qo‘lga olingan.

Ushlangan shaxslarning yashash joylarida ashyoviy dalillar topilgan. Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda, deya xabar beradi IIV.

Ma’lumot uchun, Oliy sudning 2016 yil 26 sentyabrdagi qaroriga asosan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.