Dehqon xo‘jaligi uchun yer uchastkalarini meros qoldiriladigan umrbod egalik huquqi bilan ajratib berish tartibini tugatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida keltirilgan, deb yozadi Norma.uz.

Hujjatga ko‘ra, 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida» gi qonunga o‘zgartish kiritiladi va uning yangi tahriri tasdiqlanadi.

Taklif qilinayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, yer bog‘dorchilik va uzumchilik uchun 30−50 yil, sabzavot, poliz ekinlari va boshqa turdagi ekinlarni yetishtirish uchun 5−15 yilga ijaraga beriladi. Dehqon xo‘jaligining faoliyati unga tegishli yer uchastkasiga bo‘lgan huquq tugaganidan keyin yoki ijara muddati, shu jumladan sub-ijara muddati tugaganidan keyin tugallangan hisoblanadi.

2021 yil 1 yanvargacha dehqon xo‘jaliklari ishi bilan bog‘liq barcha me’yoriy huquqiy hujjatlari, hukumat va davlat organlarining qarorlari qonunning yangi tahririga muvofiqlashtirilishi kerak, ammo u kuchga kirgunga qadar amaldagi qonunchilikka muvofiq mulkiy munosabatlar saqlanib qolinadi.