16 iyun kuni taxminan soat 10:20 da Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida 50 ming so‘m ustida boshlangan janjal bir kishining hayotdan ko‘z yumishi bilan tugadi. Bu haqda IIV Tergov departamenti matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, «Iftixor» ko‘chasida joylashgan fuqaro E.S. 27 aprel kuni «Hunarmand» savdo majmuasidagi do‘koni xodimi A. L.dan Redmi 8A rusumli uyali telefon apparatini 1,6 mln so‘mga sotib olgan. E.S. 16 iyun kuni shundan to‘lanmay qolgan 250 ming so‘m qarzini berish maqsadida do‘konga kelganida, A. L. undan 300 ming so‘m berishini talab qilib, u bilan o‘zaro janjallashadi. So‘ngra do‘kon tashqarisiga chiqib, yuzi va bosh qismiga mushti bilan bir necha marotaba urishi natijasida E. S. yerga bosh qismi bilan yiqiladi va tan jarohati olib tuman tibbiyot birlashmasiga yotqiziladi. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, olgan tan jarohatlari natijasida vafot etadi.

Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, E.S., bosh miyaning yopiq jarohati, ensa suyagining chiziqli sinishi va boshqa ko‘rinishdagi hayot uchun xavfli bo‘lgan «og‘ir» tan jarohati olganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qamashi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.L.,ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Eslatma, mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs 8−10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan.