19 iyun kuni Parlament yukori palatasining a’zolari Feruza Yuldashevna Maxmudovani O‘zbekistonning Isroil davlatidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

«Feruza Yuldashevna mustaqil O‘zbekistonning birinchi ayol elchisi sifatida tarixda qoladi. Bu sharaf bo‘lishi bilan birga, ulkan mas’uliyat hamdir. Qolaversa, uning bunday mas’uliyatli lavozimga loyiq topilgani mamlakatimizda ayollarga bo‘lgan yuksak ishonch va e’tirof namunasidir. Ishonamizki, bunday e’tibor va e’tirofga bundan keyin ham ko‘p marotaba guvoh bo‘lamiz. Zero, o‘zbek ayollari bunga munosibdir», — dedi Senat Raisi T.Narbayeva.

Senatorlar F.Mahmudovaning faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi va xorijda, xususan, Isroilda mamlakatimiz manfaatlari yo‘lida bor bilim va salohiyatini ishga solib, o‘z faoliyatini namunali yo‘lga qo‘yishiga ishonch bildirdi.

Ma’lumot uchun, Feruza Maxmudova 1975 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining «Xalqaro munosabatlar» fakultetini tamomlagan (1996 yili), va gumanitar fanlar bo‘yicha magistr darajasini Germaniyadagi Eberxard va Karl Universitetida (2009) olgan. Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatida turli lavozmlarda faoliyat olib borgan (1996−2006). Shuningdek, u O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (2014−2018) ishlagan.

Tayinlovga qadar, Feruza Mahmudova Tashqi ishlar vazirligining Ikki tomonlama hamkorlik bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan (2018−2020).

Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Ilhom Ne’matov, Feruza Maxmudovani nomzodini taqdim etayotganda uning tayinlovini O‘zbekiston kadrlar siyosatidagi «tarixiy voqea», deya ta’rifladi.

«Bugun mustaqil O‘zbekiston diplomatiyasi tarixida birinchi marta O‘zbekistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimiga hurmatli ayollarimiz safidan nomzod ko‘rsatilyapti», — dedi u.

Senat raisi Tanzila Narbayeva shu kunga qadar O‘zbekiston 130 dan ziyod xorijiy davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan bo‘lsa, ularda hali birorta ayol elchi tayinlanmaganini ta’kidladi.

Aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi (2010−2012) sifatida faoliyat olib borgan.