Sog‘liqni saqlash vazirligi 14−15 iyun kunlari aholi orasida aniqlangan koronavirus holatlari yuzasidan ma’lumot berdi.

14 iyun kuni O‘zbekistonda koronavirus tasdiqlangan 114 nafar bemordan 27 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 15 iyun sanasida esa koronavirus qayd etilgan 183 nafar bemordan 29 nafari aholi orasida tasdiqlangan. Ikki kunlik ma’lumot, ham umumiy kasallanishda, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari dinamikasida o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.

15 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida Toshkent shahridan 25 nafar, Samarqand viloyatidan 3 nafar, Xorazm viloyatidan 1 nafarni tashkil etgan.

Vazirlik eng ko‘p kasallik qayd etilgan Toshkent shahriga alohida to‘xtalib, jumladan, Olmazor tumanida yashovchi «Chorsu» buyum bozori sotuvchisida (ishxonadan so‘ralgani uchun profilaktika maqsadida tahlil topshirgan), shu tumanda yashovchi yana uch nafar fuqaroda: «Smart xaus» xususiy qurilish firmasi dasturlovchisida (ishga borish uchun tahlil topshirgan), respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot марказига davolanishga yotish uchun tahlil topshirgan bemorda hamda tana harorati ko‘tarilganligi sababli shifoxonaga borib tahlil topshirgan fuqaroda, shuningdek, Sergeli tumani Xonobod mahallasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning loyiha boshqaruvchisi hamda shu tumandagi maktab o‘quvchisi (tana harorati ko‘tarilgan va oilaviy poliklinika uchastka shifokoriga murojaat qilgan) va uning onasida koronavirus tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Shayxontohur tumanida yashovchi, Toshkent kimyo texnologiyalari instituti talabasida (tomog‘ida og‘riq bo‘lgan, tez tibbiy yordama xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), shu tumanda yashovchi, «Orzu» fabrikasi bog‘bonida (tana harorati ko‘tarilgani bois tahlil topshirgan), Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroda (holsizlik, yo‘tal to‘xtamaganidan keyin shifoxonaga borib, tahlil topshirgan), «Poytaxt» savdo majmuasi kiyim do‘koni sotuvchisida hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Uchtepa tuman filiali mutaxassisida ham kasallik qayd etilgan.

Shuningdek, Samarqand viloyati Toyloq tumani «Charog‘bon» MFYdagi avtomashinalarni ta’mirlash ustasi (tana harorati ko‘tarilganligi sababli namuna olingan), «Hamkorbank»ning Urgut filiali xodimida (mazkur moliya muassasasining barcha xodimlaridan profilaktik maqsadda namuna olingan), ushbu tumanda qandli diabet kasalligi bo‘yicha davolanishga yo‘llanma olish uchun namuna olingan bemorda ham koronavirusga chalingani ma’lum bo‘ldi.

«Tahlillardan oydinlashadiki, yon atrofimizda koronavirus xavfi hamon mavjud. Shu yilning 15 iyundan boshlab karantin qoidalari yanada yumshatilib, qator faoliyat turlariga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, xushyorlikni aslo yo‘qotmasligimiz lozimligini kunlik voqea va ko‘rsatkichlar ko‘rsatib turibdi», — deya ta’kidladi vazirlik.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni vaziyatdan kelib chiqqan holda, aholidan, yana takror va takror karantin va sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilishni, jumladan, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslik, chiqqanda esa niqobni to‘g‘ri taqib yurishni, qo‘l berib salomlashish, quchoq ochib ko‘rishishdan vaqtincha tiyilish, ijtimoiy masofa saqlash, tirband jamoat transportiga chiqmaslik, niqobsiz bo‘lgan yo‘lovchilarga yaqinlashmaslik, qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvishni doimiy odatga aylantirishni so‘rab qoladi.

Eslatib o‘tamiz, 7 iyun kuni Toshkent shahrida tasdiqlangan 195 ta yangi koronavirus holatdan 183 nafari — bitta muassasada ishlovchi quruvchilar bo‘lganligi ayon bo‘lgandi. Shunda, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Botirjon Qurbonov infeksiya aniqlangan qurilish kompaniyaning nomini ma’lum qilmagan edi. Bunga sabab kompaniyaning nomini oshkor etilishi uning obro‘yiga zarar yetkazishi mumkin, deya ta’kidlagandi agentlik vakili.