Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universiteti tomonidan qiymati 11,9 million dollarlik uchta loyiha amalga oshiriladi. Bu haqda “Gazeta.uz” ga universitetda Farg‘ona viloyatidagi xususiy internet nashrlar muxbirlarining press-turida ma’lum qilindi.

Birinchi loyiha, bu — universitet binosi qurilishi bo‘lib, ushbu jarayon allaqachon amalga oshirilgan. Ikkinchi loyiha — amaliy mashg‘ulotlar uchun o‘quv xonalari, elektron kutubxona va ovqatlanish xonasi bo‘lgan yetti qavatli bino qurilishidir. Uchinchi loyiha doirasida esa universitet Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida to‘rtta bolalar bog‘chasini ochadi.

Farg‘ona viloyatida yoshlarning oliy ma’lumot olish darajasi 27,7 foizni tashkil etadi.

Universitetda 27 nafar o‘qituvchi ishlaydi, ulardan 12 nafari janubiy koreyalik mutaxassislardir. Ularning sonini 57 nafarga, shu jumladan Janubiy Koreyadan 30 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

2019−2020 o‘quv yilida universitetning 7 ta fakultetiga 702 talabani qabul qilgandi (umumiy joylar soni 720). Yangi o‘quv yilida fakultetlar sonini 11 taga (keyingi yillarda 16 taga), talabalar sonini 1040 ga (1640) oshirish rejalashtirilmoqda. 2023 yilda magistratura va doktoranturaning ham ochilishi kutilmoqda.

Universitet vakillarining ta’kidlashicha, bitiruvchilar O‘zbekiston va Koreyaning o‘zidagi Samsung, LG, Hyundai va boshqa koreys kompaniyalariga, shuningdek ilmiy-tadqiqot institutlari va davlat idoralarida ishga joylashishlari mumkin.

Universitet gumanitar va texnik-muhandislik mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim beradi. Xususan, turizmni boshqarish, maktabgacha ta’lim, menejment va kompyuterlashtirilgan buxgalterlik hisobi, koreys tili va adabiyoti o‘qitiladi. Shuningdek, institut mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika va elektronika, arxitektura dizayni, kompyuter muhandisligi, energetika va kimyo muhandisligi sohalarida malakali mutaxassislar tayyorlaydi.


Gumanitar sohalarda kontrakt asosida o‘qish narxi 3 000 AQSH dollarini, muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha — $3 300. Shartnomaning narxiga abituriyent tomonidan mavjud dasturlarni tanlashi ham ta’sir qiladi: “3 + 1” (O‘zbekistonda 3 yil o‘qish, Koreya Respublikasida 1 yil o‘qish) yoki “2 + 2”.

Universitetda o‘quv jarayoni o‘zbek, ingliz va koreys tillarida olib boriladi. Birinchi kursga o‘qishga kirgan 702 talabaning 80 foizi Farg‘ona vodiysi, 20 foizi boshqa viloyatlar va mamlakatlardandir.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Universitet prorektori Yu Jong Xva suhbat davomida O‘zbekiston universitetlarida o‘quv jarayonida juda kam amaliyot qismi mavjudligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev shu oy boshida universitetga tashrifi chog‘ida buni ham ta’kidlagan.

“Bizda 1-kursda umumiy fanlar o‘qitilib, maktab dasturi qaytariladi. Yoshlar bir yil umrini yo‘qotib, qiziqishi so‘nib ham qoladi. Rivojlangan davlatlarda bunday emas, birinchi yildan mutaxassislik fanlariga o‘tib, amaliyotga muhim o‘rin beriladi. Natijadagi farqni hayot ko‘rsatib turibdi”, — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari mutasaddilarga Janubiy Koreya universitetlaridagi o‘quv dasturlari va soatlarini o‘rganib, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini qayta ko‘rib chiqish, talabalarni amaliyotga maksimal yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.

Shuningdek, Yu Jong Xva mahalliy universitetlarga ta’lim tizimida kredit tizimiga tezroq o‘tishni tavsiya qildi. Bundan tashqari, prorektor ta’kidlaganidek, “O‘zbekistonda keraksiz fanlar juda ko‘p, bu o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur bilim olishga imkon bermaydi”.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Universitetning tashqi aloqalar bo‘yicha prorektori Dilfuza Umrzoqova universitetda talabalarning tashqi ko‘rinishi va shakliga talablar yo‘qligini alohida ta’kidladi. “Bu tarafdan bizda erkinlik bor”, dedi u.