OTMlarga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan 2020 yilgi maktab bitiruvchilari hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazayotganda attestatni taqdim etish shart bo‘lmaydi. Bu haqda Davlat test markazining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hozirda baholar attestat.uzedu.uz elektron bazasiga to‘liq kiritilmoqda. Attestatlarni qalbakilashtirishning oldini olish maqsadida esa attestatlarga QR-kod qo‘yiladigan bo‘ldi.

2020 yili 451 377 nafar o‘quvchi 11-sinfni tamomlamoqda. Ayni vaqtda bitiruvchilar uchun attestat blankalari barcha hududlarga to‘liq yetkazilgan. Hozirda attestat.uzedu.uz bazasida bitiruvchilarning baholari onlayn kiritilayotgani ma’lum qilindi.

“Maktablar 15 iyunga qadar attestatlarning elektron (skaner) shaklini bitiruvchiga (ota-onasi yoki o‘rnini bosuvchi shaxs) Telegram messenjeri, elektron pochtasi yoki boshqa aloqa vositalari yordamida qadar bepul yetkazadi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish jarayonini muvofiqlashtirish uchun attestat.uzedu.uz bazasida 2020 yili 11-sinf bitiruvchilarining attestatlari jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqamiga (PINFL) integratsiya qilingan.