Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat murakkablashganini ma’lum qildi.

Respublika bosh davlat sanitariya inspektori koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat o‘ta murakkabligicha saqlanib turgani, yakshanba kuni qayd etilgan Toshkent shahridagi 195 nafar, Toshkent viloyatidagi 10 nafar, Xorazm viloyatidagi 8 nafar va Sirdaryo viloyatidagi 4 nafar bemor aholi orasidan aniqlanganini ta’kidladi.

«Bundan ko‘rinib turibdiki, vaziyat murakkablashib bormoqda. Har birimiz ko‘chaga chiqish, muloqotga kirishish orqali kasallanish ehtimolimiz borligini unutmasligimiz kerak. Karantin tadbirlariga to‘liq rioya qiling. Doka niqobda bo‘ling, muloqotlarda oraliq masofani saqlang, uyga qaytganingizdan keyin antiseptik vositalardan foydalaning», — dedi Nurmat Otabekov.

Ma’lumot uchun, ayni paytda mamlakatda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 4352 nafarni tashkil etmoqda. 3354 nafar, ya’ni 77 foiz bemor to‘liq sog‘aygan. Shifoxonalarda 981 bemor davolanmoqda, ulardan 6 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. 45 mingdan ko‘proq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Ularning 22 mingga yaqini statsionar sharoitda karantinga joylashtirilgan.