O‘rta Chirchiq tumani maxsus karantin zonasida ko‘ngilli sifatida ishlab kelgan, TTB tug‘ruq uyida hamshira bo‘lib ishlovchi S.A.da koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bu haqda “Olmaliq hayoti” Piskent tumani SEOM bosh vrachi Mohiraxon Ubayxonovaga tayanib ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan Tug‘ruq uyi ehtiyot chorasi sifatida xavfsizlik nuqtai nazaridan joriy yilning 7 iyun kuni profilaktik dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazish uchun yopilib, tuman SEOM dezinfektorlari tomonidan to‘liq zararsizlantirish ishlari olib borildi.

Tuman hududida koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida, profilaktik chora sifatida bemorning yashash xonadoni, u bilan birlamchi muloqotda bo‘lgan ishchi-xodimlari muloqotdagi oila a’zolari bilan birgalikda 14 kunlik uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olindi.

Bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar uy sharoitida karantinga qo‘yilib, virusologik taxlil namunalari olindi. Xonadonlarida to‘liq profilaktik dezinfeksiya va tozalash tadbirlari olib borildi.

Ayni vaqtda TTB tug‘ruq uyi va KTMP IIB tomonidan qo‘riqlovga olingan. Bemorning oila a’zolari faoliyat olib boruvchi go‘zallik salonining faoliyati SEOM tomonidan o‘rganilib, DSENB Piskent tuman filiali tomonidan to‘xtatildi. Bemor bilan birlamchi va ikkilamchi muloqotda bo‘lganlar ro‘yxati shakllantirilmoqda.