Shvetsiya Qirolligining bosh epidemiologi Anders Tegnell mamlakatda koronavirus epidemiyasining boshidanoq qat’iy karantin cheklovlarini o‘rnatilmaganidan afsuslanishini aytdi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Anders Tegnellning tan olishicha, u hukumatni Shvetsiyada qat’iy karantin choralarini qabul qilmaslikka ishontirgan va umuman uning COVID-19 ga qarshi kurash strategiyasi mamlakatda juda ko‘p o‘limga olib kelgan.

“Agarda biz bugun xuddi shu kasallikka duch kelganimizda, o‘ylaymanki, bizning javobimiz Shvetsiya hozir qilayotgan va boshqa davlatlar qilgan ishlarning o‘rtasida bo‘lardi”, — dedi Anders Tegnell “shved radiosi"ga bergan intervyusida.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Shvetsiya hukumati bosh epidemiologning fikriga qo‘shilib mamlakatda restoranlar, do‘konlar va maktablarni yopmagan edi. Shu bilan birga, qaror bir qator davlatlar tomonidan “ham maqtovga, ham qoralashga sazovor”, deya ta’rif berildi.

Pandemiya boshlanganidan buyon qat’iy karantin choralarini joriy etgan qo‘shni Daniya va Norvegiyaga nisbatan Shvetsiyada har 100 ming kishiga 43 o‘lim holatlari qayd etilib, mamlakatda koronavirusdan o‘lim darajasi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib qolmoqda.

Keyinroq, Anders Tegnell “Shved radiosiga” bergan interyusidagi so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap mamlakat tanlagan strategiyasi noto‘g‘ri bo‘lganida emas, balki yo‘l qo‘yilgan xatolardadir.

“Biz hali ham strategiya yaxshi ekanligiga ishonamiz, lekin har doim uni yanada yaxshilash mumkin, ayniqsa ortga qaraganda”, — dedi Tegnell. Xususan, uning fikricha, qariyalar uylarini yaxshiroq tayyorlash va test sinovlarini o‘tkazish qobiliyatini oshirish mumkin edi. Shu bilan birga, Tegnell “ko‘proq ish qilish ko‘proq zarar yetkazishni ham anglatadi”, — deb ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Shvetsiyada koronavirus infeksiyasidan o‘lim darajasi 11,6 foizni tashkil etadi. Hozirda mamlakatda 40 mingdan ortiq COVID-19 holati qayd etilgan bo‘lib, bunda 4 971 bemor sog‘ayib chiqqan bo‘lsa, 4 542 nafar kishi olamdan ko‘z yumgan.