Bo‘stonliqda qoramol xarid qilish uchun ajratilgan kredit mablag‘larini o‘zlashtirish holati aniqlandi. Bu haqda bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Bo‘stonliq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «Mikrokreditbank» ATB boshqaruvi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan «Qishloq xo‘jalik korxonalarini qayta qo‘llab-quvvatlash dasturi» buyicha tuzilgan kelishuvga asosan, «N.» MCHJga chorvachilikni rivojlantirish, qoramol hamda yem xashak mahsulotlarini sotib olish uchun ajratilgan 495 mln so‘m kredit mablag‘lariga jamiyat rahbari S.A. 50 bosh qoramol xarid qilgan.

«So‘ngra tadbirkor ushbu qoramollarni 500 mln so‘m naqd pulga sotib yuborib, sotuvdan tushgan mablag‘larni bank muassasasiga topshirmasdan o‘zining shaxsiy extiyojlariga ishlatib, davlat va jamoat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan», — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.