1 iyundan boshlab Samarqand viloyatidagi “qizil” hududlarda, shu jumladan Samarqand shahrida ham avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishiga ruxsat berildi. Bu haqda Samarqand shahar hokimi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Xabarda qayd etilishicha, Samarqand shahri hududi bo‘ylab avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07:00 dan — 10:00 gacha, 17:00 dan — 20:00 gacha) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat berildi.

Ma’lumotga ko‘ra, avtotransport salonida ikki kishidan ortiq bo‘lmasligi, ishga, kasalxonaga, dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish asosiy maqsad bo‘lishi kerak.

Shuningdek, 1 iyun holatiga ko‘ra, Samarqand viloyatida epidemiyaga qarshi kurash viloyat favqulodda komissiyasining qarori bilan “Yashil” hududga: Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Qushrabod, Nurobod, Bulung‘ur va Paxtachi tumanlari kiritildi. “Sariq” hududga: Jomboy va Ishtixon tumanlari hamda “Qizil” hududga esa: Samarqand shahri, Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Samarqand, Tayloq va Urgut tumanlari kiritildi.