Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos Isroil hukumati Falastin yerlarini o‘ziga qo‘shib olish niyatida ekanligi bois Isroil va AQSH bilan tuzilgan barcha kelishuvlardan chiqishga qaror qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

“Falastinni ozod qilish tashkiloti va Falastin davlati bugundan boshlab AQSH va Isroil hukumatlari bilan tuzilgan barcha kelishuvlar bo‘yicha, jumladan xavfsizlik bilan bog‘liq barcha majburiyatlarini o‘zidan soqit qiladi”, — dedi Abbos.

Falastin rahbari, shuningdek, Isroilni “Falastin hududlarini bosib olgan bosqinchi kuch” sifatida xalqaro hamjamiyat oldidagi barcha majburiyatlarini zimmasiga olishga chaqirdi.

Abbos Falastin xalqaro tashkilotlar va institutlar tarkibiga qo‘shilish vaqti kelganini ta’kidladi.

“Biz yana bir bor o‘zimizning xalqaro huquq, arab, islom va mintaqaviy kelishlarga sodiq qolishimizni e’lon qilamiz. Biz, shuningdek, yana bir bor xalqaro terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash tarafdori ekanimizni e’lon qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Abbosning bayonotiga ko‘ra, Falastin uchinchi tomon vositachiligi bilan Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha muzokaralarga qaytishga tayyor.