O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi joriy o‘quv yilida maktablarda yakuniy imtihonlarni o‘tkazishni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.

U mazkur qaror prezident tomonidan karantin vaqtida aholiga imkon boricha qo‘shimcha qulaylik yaratish bo‘yicha belgilangan vazifani amalga oshirish hamda ko‘pchilik ota-onalarning iltimoslarini inobatga olgan holda qabul qilinganini ta’kidladi.

“Maktablarga o‘quvchilarning yillik baholarini istisno tariqasida joriy o‘quv yilining 3 ta chorak baholari asosida chiqarish tavsiya etiladi. Shu bilan birgalikda Kundalik.com tizimi joriy etilgan maktablarda karantin vaqtida tirishqoqlik bilan o‘qigan o‘quvchilarimizga rag‘batlantirish sifatida 4-chorakdagi faqat ijobiy baholarini ham yillik baholarini hisoblashda inobatga olish tavsiya etiladi”, — deya ma’lum qildi vazir.

Sherzod Shermatov karantin vaqtida “onlayn-maktab” orqali farzandlari bilan birga dars tayyorlagan barcha ota-onalarga minnatdorchilik bildirdi.