Toshkentdagi Poytaxt savdo markazi qarshisida joylashgan avtoturargoh o‘rnida to‘qqiz qavatli tijoriy ob’ekt qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot kotibi Furqat Mahmudxo‘jayev «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir yildan oldinroq (2019 yil 28 mart kuni) hokim qarori bilan Matbuotchilar ko‘chasidagi 0,23 gektar maydondagi yer uchastkasi Chexiyaning IMP NEW PAY kompaniyasiga eng kamida 25 mln dollar sarmoya kiritish majburiyati bilan berilgan edi, biroq qurilish ishlari endigina boshlandi. Qurilishning kechikish sabablari ma’lum qilinmadi.

rejstrik-firem.kurzy.cz saytidagi kompaniyalar reyestriga ko‘ra, IMP NEW PAY kompaniyasi 2016 yil 19 avgust kuni 1000 kronlik (40 dollarga yaqin) ustav kapitali bilan ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — mol-mulk, turar joy va noturar joylarni ijaraga berish. Kompaniya ta’sischilari 95 foizlik ulush bilan Isroil Yunusov hamda 5 foizlik ulush Germaniyadan Pol Braytenbax (Paul Breitenbach) hisoblanadi.

Isroil Yunusov, o‘z navbatida, Tashkent City biznes markazida ob’ektlar qurilishini olib borayotgan Real House qurilish kompaniyasi brendiga egalik qilayotgan Lotus Gaz Invest kompaniyasining ham ta’sischilaridan hisoblanadi (56,64%). U O‘zbekiston Professional boks federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi.

Tijoriy ob’ekt qurilishi loyihasi taqdimoti poytaxt hokimiyatida «Investorlar kun"laridan birida o‘tkazilgan edi.

Binoning 1−3-qavatlarida savdo do‘konlari, qolgan qavatlarni ofislar tashkil etadi. Uchta yer osti qavatida avtoturargoh bo‘ladi.

«Shahar markazidagi mazkur avtoturargoh aholi uchun juda muhim. Yaqinida xiyobon, ikkita teatr va bank mavjud. Investor bilan kelishuvning asosiy sharti avtoturargohlar buzilmasligi edi», — dedi Furqat Mahmudxo‘jayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qurilish tugaganidan keyin bu yerda to‘xtab turish joylari soni hozirgi 180 dan 250 tagacha ko‘payadi.

Matbuot kotibining maydon investorga kim oshdi savdosisiz ajratilganini ma’lum qildi, chunki o‘sha paytda bunday talab yo‘q edi.

2018 yil 15 avgustdan 2019 yil 15 avgustgacha Toshkentda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha tajriba o‘tkazilgan edi. Ushbu davrda hokimlikka investitsiya faoliyati uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari va davlat mulki bo‘lgan ob’ektlarni, ularning maydoni hajmidan qat’i nazar, shartnomalar tuzilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralardan so‘ng taqdim etish huquqi berildi.

Ta’kidlash joizki, yer osti avtoturargohi avvalroq 7,5 milliard so‘m boshlang‘ich narxi bilan kimoshdi sotuvga qo‘yilgan edi, ammo uning natijasi noma’lum.