Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqand viloyatida o‘zida kasallik alomatlari bo‘lishiga qaramasdan tibbiy tekshiruvdan o‘tmagan holda 34 kishiga koronavirus yuqtirgan shifokorga jinoyat ishi ochilganiga qarshi munosabat bildirdi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, ushbu shifokorning Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasining bo‘lim mudiri bo‘lib ishlaganiga aniqlik kiritar ekan, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini bir qator asoslarga ko‘ra bekor qilish lozimligini ko‘rsatib o‘tdi.

“Birinchidan, Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasidagi qasddan sodir etilishi talab etiladigan qilmishlardan birortasi fuqaro X.D. tomonidan sodir etilmagan, — deydi vazirlik yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev”.

Huquqshunosning ta’kidlashicha, Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun maxsus sub’ekt bo‘lish talab etilmaydi. Aniqrog‘i, bu modda bilan faqatgina tibbiyot xodimlari javobgar qilinishi mumkinligi ham qonunda ko‘rsatilmagan.

Vazirlik tana harorati oshganligini bila turib, shifokorga murojaat etmasdan o‘zgaga infeksiya yuqtirganlik uchun javobgarlikka tortish mumkin bo‘lsa, nega unda yuzlab holatlarda qonunning bunday kuchidan foydalanilmadi, degan savolni o‘rtaga tashladi.

“Nimaga aynan tibbiyot xodimiga kelganda qonunni bunday talqin qilish mumkinligi esimizga tushib qoldi? Masalan, yaqinda samarqandlik juda katta tadbirkorning farzandi ko‘pchilikka xuddi shunday sharoitda koronavirus yuqtirganligi haqida internetda ma’lumotlar tarqalgan edi. Nima uchun ushbu holatda qonunning shu me’yoridan foydalanilmadi?” — deb so‘radi huquqshunos.

Uning ta’kidicha, milliy qonunchilikda tana harorati oshgan fuqaro, hoh u tibbiyot xodimi bo‘lsin, hoh boshqa, koronavirusga analiz topshirmasa jinoiy javobgarlikka tortiladi, degan majburiyat hali o‘rnatilgani yo‘q.

Yuqoridagi holatda tibbiyot xodimi hisoblangan X.D. koronavirus infeksiyasini juda katta ehtimol bilan bemorlarga xizmat ko‘rsatish jarayonida yuqtirib olgan. U koronavirus yuqtirib olganini joriy yil 28 aprel kuni topshirgan testi natijalari aniq bo‘lganidan keyingina bilgan va darhol davolanish uchun yotqizilgan. “Bungacha u ushbu infeksiyani yuqtirib olganligini bilmagan va bilishi mumkin ham bo‘lmagan. Qolaversa, 34 nafar fuqaroga koronavirus aynan tibbiyot xodimidan yuqqanmi yoki boshqadanligini hali dastlabki tergov jarayonida isbotlash kerak bo‘ladi”, — deyiladi bayonotda.

X.D.ning o‘z sog‘ligiga nisbatan beparvo bo‘lib, kimlarnidir xavf ostida qoldirganligini oqlamoqchi emasligini bildirgan vazirlik mazkur holatda X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror asossiz, deb hisoblashini ma’lum qildi. Shundan kelib chiqqan holda, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov bosh prokurorga X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish masalasini o‘z vakolati doirasida ko‘rib chiqilishini so‘rab, joriy yil 14 may kuni murojaat yo‘lladi.

Eslatib o‘tamiz, 12 may kuni X.D.ga nisbatan JKning 257−1-moddasi 1-qismi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani xabar qilingan edi.