O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matulla Yo‘ldoshev 11 may kuni Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida 2019 yilda prokuratura organlari faoliyati to‘g‘risida hisobot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yil davomida 16 mingga yaqin tadbirkorga muammolarni hal qilishda yordam berildi, 7500 nafarining huquqlari tiklandi, prokurorlar ko‘magida 15,5 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, faoliyatini to‘xtatgan 12 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti faoliyati qayta tiklandi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar huquqlarini buzgani uchun 516 nafar mansabdor shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 344 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

U bir misol keltirdi: “Yuqorichirchiq tumanidagi issiqxonaga gaz limiti ajratish uchun “Komfort Elit” korxonasi rahbaridan pora olgan “O‘ztransgaz"ning Toshkent viloyat bo‘limi boshlig‘i Niyozmetov jazoga tortildi”.

Investitsion dasturga kiritilgan 1379 ta qurilish loyihasi qayta ekspertizadan o‘tkazilgach, 1,5 trln so‘m byudjet mablag‘lari (148 mln AQSH dollari) tejab qolindi, dedi bosh prokuror.

Qurilish uchun ajratilgan byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish bo‘yicha nazorat tadbirlari doirasida 75 milliard so‘m (7,4 million dollar) o‘g‘rilik aniqlandi. 300 dan ortiq kishi javobgarlikka tortilgan.

Qishloq xo‘jaligida 22 milliard so‘mlik (2,2 million dollar) g‘alla, 63 milliard so‘mlik (6,2 million dollar) paxta xom ashyosi, 3 milliard so‘mlik (300 ming AQSH dollari) mineral o‘g‘itlar, shuningdek, sug‘orish ishlariga ajratilgan 1,7 milliard so‘m (168 ming dollar) o‘g‘rilangani aniqlandi.

Bosh prokuratura rahbari so‘nggi ikki yil davomida hokimliklar tomonidan 56 ming gektar yer noqonuniy ravishda ajratilganini ma’lum qildi. Yerlarni sotgan 543 kishi, shu jumladan 295 mansabdor shaxs (119 nafar kadastr xizmati, 23 nafar hokimlik, 14 nafar arxitektura va qurilish bo‘limlari xodimi), 76 fermer va 26 mahalla raisi javobgarlikka tortildi.

Byudjet tashkilotlarida onalik nafaqalarini tayinlashda ham ko‘plab huquqbuzarliklar aniqlandi.

Bundan tashqari, o‘tgan yili tekshiruvlar o‘tkazilgan ta’lim sohasi idoralarining 93 foizida 16,7 milliard so‘m (1,6 million dollar) miqdorida moliyaviy qoidabuzarliklar aniqlangan, bu 2018 yilga nisbatan 2,5 baravar ko‘p.