Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qo‘ng‘irot, Ellikqal’a va Toshkent tumanlari bo‘limlari tomonidan uchta tumanda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda mansabdor shaxslar tomonidan jami 564 mln so‘mlik pul va mol-mulklar talon-taroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Jumladan, Qo‘ng‘irot tumanida “I.” MCHJ ta’sischisi A.I. tuman hokimiyati balansida bo‘lgan qurilishi tugallanmagan umumiy qiymati 390,6 mln so‘m bo‘lgan mehmonxona биносини 705 mln so‘m investitsiya kiritish, 550 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim markazini tashkil etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish majburiyatini olgan holda “nol” qiymatda xarid qilgan. Biroq amalda shartnoma shartlarini bajarmasdan, ushbu binoni buzib, qurilish materiallarini o‘z shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Ellikqal’a tumanida esa qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji mansabdor shaxslari tumandagi “E.S.Q.” MCHJtomonidan kollej binosida ta’mirlash ishlari to‘liq bajarilmagan bo‘lishiga qaramasdan, rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritishib, 59,6 mln so‘m byudjet маблағларини rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Shuningdek, Toshkent tumanidagi “O.Kommunalchi” va “K.Kommunalchi” xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari sobiq rahbari Sh. A. va hisobchisi E.G. 2018−2019 yillar davomida ushbu shirkatlar a’zolaridan kommunal to‘lovlari uchun yig‘ilgan 113,8 mln so‘m mablag‘larni bank hisob raqamiga kirim qilmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan mutasaddi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.