11 may kuni Toshkentning Uchtepa tumanidagi Farhod avtomobil ehtiyot qismlar do‘konlari faoliyati to‘xtatilib, sanitariya kuni e’lon qilindi. Bu haqda Uchtepa tumani hokimligi xabar qildi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarida Farhod avtomobil ehtiyot qismlar do‘konlarining biridagi tadbirkorda yuqori tana harorati aniqlanganligi sababli do‘konlar faoliyati to‘xtatilgan haqidagi xabar tarqalgan edi.

Hozirda savdo qatorlari ma’muriyati tomonidan sanitariya kuni e’lon qilinib, Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya qoidalari va me’yorlarining belgilangan normalariga muvofiq sanitariya ishlari amalga oshirilmoqda, deyiladi hokimlik xabarida.

Tegishli tadbirlar amalga oshirilgan so‘ng, avtomobil ehtiyot qismlar do‘konlari o‘z faoliyatini davom ettiradi.