AQSH prezidenti Donald Tramp uning Eronga qarshi harbiy vakolatlarini cheklaydigan Kongress rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi. Bu haqda Oq uy rasmiy saytida xabar berildi.

“Bugun men Kongressning S.J. Res. 68 rezolyutsiyasiga veto qo‘ydim. Bu rezolyutsiya mendan AQSH Qurolli kuchlarining Eronga qarshi harbiy harakatlardan foydalanishni chegaralashni talab qiladi. Bu demokratlar tomonidan 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda respublikachilar partiyasini ajratish strategiyasi doirasida kiritilgan juda haqoratli qaror”, — dedi Tramp ushbu rezolyutsiya haqida.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, mazkur rezolyutsiya faktlar va qonunlarni noto‘g‘ri talqin qilishga asoslangan va unda ta’kidlagandan farqli o‘laroq, AQSH Eronga qarshi kuch ishlatish bilan shug‘ullanmaydi.

“To‘rt oy oldin men Qossim Sulaymoniy Iroqda bo‘lganida uni yo‘q qilish uchun qat’iy choralar ko‘rdim. Eron bunga javoban Iroqda joylashgan bizning kuchlarimizga bir qator raketalarni uchirdi. Ushbu hujumlardan hech kim halok bo‘lmadi. Bundan tashqari, Sulaymoniyga qarshi kuch ishlatish qonun tomonidan, jumladan, 2002 yildagi Iroqqa qarshi harbiy kuchlardan foydalanish to‘g‘risidagi ruxsatnomada va Konstitutsiyaning 2- moddasida to‘liq tasdiqlangan”, — dedi Oq uy rahbari.

Shuningdek, Kongressning ushbu rezolyutsiyasi qabul qilinganda, uning AQSH ittifoqchilari va sheriklarini tahdidlardan himoya qilishiga juda katta zarar yetkazishi mumkin edi, deyiladi xabarda.

“Va nihoyat, ushbu rezolyutsiya prezidentning AQSH, uning ittifoqchilari va sheriklarini himoya qilish vakolatlariga katta zarar yetkazgan bo‘lar edi. Rezolyutsiyada prezidentning harbiy kuch ishlatish bo‘yicha konstitutsiyaviy vakolati AQSH va uning kuchlarini yaqinlashib kelayotgan hujumdan himoya qilish bilan cheklangan. Bu noto‘g‘ri. Biz o‘zgaruvchan tahdidlar dunyosida yashayapmiz va Konstitutsiya prezident dushmanlarimizning keyingi harakatlarini oldindan ko‘ra olishi va ularga javoban tezkor va qat’iy choralar ko‘rishi kerakligini taqozo etadi. Men esa huddi shunday qildim!” — deya ta’kidladi Donald Tramp.

The Washington Post nashrining yozishicha, mazkur huquqiy hujjat asosan demokrat senator Tim Keyn tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, Kongressning ikkala partiyasida ham qo‘llab-quvvatlangan. Chunki yil boshida Tramp topshirig‘i bilan Bag‘dodda Eronning yuqori darajadagi harbiy qo‘mondoni Qossim Sulaymoniy va Iroq militsiyasi rahbarining uchuvchisiz samolyot hujumi bilan o‘ldirilishi Yaqin Sharqda juda tahdidli vaziyatni yuzaga keltirgan edi. Shu bois, rezolyutsiya birinchi marotaba 13 fevral kuni respublikachilar nazoratidagi Senatda 55/45 ovozlar bilan qabul qilinib, ikkinchi marotaba 11 mart kuni quyi palatada yangi demokratlar yetakchiligi bilan 227/186 ovoz bilan Kongressdan o‘tgan edi.

AQSH Konstitutsiyasiga asosan prezident Kongressdan o‘tgan qonun loyihasiga veto qo‘yishi mumkin. Ammo Kongress rezolyutsiyasining Oq uyga yetkazilishi deyarli ikki oyga kechiktirildi, chunki Kongress koronavirus pandemiyasi tufayli Vashingtonni tark etgandi.

“Kongress bu qarorni qabul qilmasligi kerak edi”, — deya Tramp o‘zining veto qaroriga xulosa yasadi.