Prezident raisligida 7 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tuman va shaharlar ham hududlarga ajratilishi ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda respublika komissiyasiga hududlarni toifaga ajratishni tuman va shaharlar darajasida belgilash bo‘yicha topshiriq berildi.

“Sariq” va “qizil” toifadagi viloyatlarda kasallik umuman aniqlanmagan tumanlar ham borligini inobatga olish lozim. Xuddi shunday, ertaga “yashil” viloyatdagi biror bir tumanda kasallik aniqlanadigan bo‘lsa, butun viloyatning toifasini o‘zgartirish shart emas", — deya ta’kidlagan prezident.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda kasallikka chalinganlar soni 2 ming 269 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 1 ming 624 nafari yoki 72 foizi sog‘aydi. Ayni paytda shifoxonalarda 635 nafar bemor davolanmoqda. Xorijdan qaytgan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 45 ming fuqaro karantinga olingan.

“Biz juda katta kuch sarflab, ko‘p sa’y-harakatlar, xalqimizning ko‘magi va chuqur tushunishi, sabr-toqati bilan O‘zbekistonda bu ofatni jilovlab turibmiz. Lekin baribir juda ham ziyraklik va ehtiyotkorlik bilan, karantin qoidalariga to‘liq amal qilishimiz shart. Bu xavf butun dunyoda butunlay bartaraf etilmas ekan, xotirjamlikka berilishga aslo haqimiz yo‘q”, — degan Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, Respublika komissiyasi tomonidan 8 maydan boshlab, infeksiya aniqlanmagan yoki bemorlar to‘liq sog‘aygan Navoiy, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari “yashil”, oxirgi 14 kunda virus aniqlanmagan, lekin davolanayotgan bemorlar bo‘lgan Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri “sariq”, doimiy ravishda infeksiya aniqlanayotgani uchun boshqa hududlarning barchasi “qizil” toifali hudud deb e’lon qilindi.