Germaniya may oyining ikkinchi yarmida futbol bo‘yicha asosiy chempionat hisoblangan Bundesliga o‘yinlarini yakuniga yetkazib qo‘yishni rejalashtirmoqda, deya xabar qildi TASS agentligi.

“Mayning ikkinchi yarmida gigiyena qoidalariga rioya qilingan holda o‘yinlarni o‘tkazish mumkin”, — deya e’lon qildi Germaniya kansleri Angela Merkel chorshanba kuni FRG federal yerlari hukumatlari bilan maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha.

U bu haqda Germaniya kaoronavirus pandemiyasining birinchi bosqichidan o‘tib bo‘lganini e’lon qilganidan so‘ng ma’lum qildi. Qayd etish kerakki, Germaniya hozirda kasallik holatlari soni bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda. Mamlakatda 168,1 ming kishi COVID-19 infeksiyasiga chalingan bo‘lib, ularning qariyb 140 ming nafari sog‘aygan.

Avvalroq Germaniya Mehnat vazirligi bir qator shartlar bilan futbol chempionatini qayta tiklashni taklif qilgan edi. Jumladan, professional futbol jamoalari futbolchilari niqoblarda o‘ynashlari kerak. Bunda gap oddiy kundalik niqoblar emas, balki tibbiy standartlarga asoslangan maxsus niqoblar haqida ketmoqda. Ular burun va og‘izni himoya qilishi shart. Niqoblar o‘yin vaqtida tushib ketmasligi, o‘yinchilar esa ularga teginmasligi kerak.

Mart oyida pandemiya tufayli Germaniya chempionati to‘xtatilguniga qadar Myunxenning “Bavariya”, Dortmundning “Borussiya” va “RB Leyptsig” peshqadamlik qilayotgan edi. Chempionatning to‘qqiz tur uchrashuvlari qayd etilmagan.

Angliya va Italiya klublari ham mamlakat turnirlarini yakunlamoqchi. Angliya futbol chempionati hukumat ruxsati bilan o‘tkaziladi. 13 mart kuni to‘xtatilgan turnir o‘yinlari noma’lum muddatga qoldirilgan edi. Hozirda chempionat jadvalida “Liverpul”, “Manchester Siti” va “Lester” peshqadamlik qilishmoqda.

Italiya chempionatining barcha 20 jamoasi ham bir ovozdan koronavirus pandemiyasiga qaramay mavsumni yakunlash istagida. Eurosport xabariga ko‘ra, buning uchun faqat rasmiy hukumat ruxsatnomasi talab qilinadi. Karantin paytida Italiyani tark etgan klub o‘yinchilari mamlakatga qaytmoqdalar, ularning ushbu mamlakatda o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish davrini o‘tkazgan hamkasblari esa allaqachon mashg‘ulotlarga kirishmoqdalar. Hozirda “Yuventus”, “Latsio” va “Inter” peshqadamlik qilmoqda.

Fransiyada chempionat muddatidan oldin yakunlandi, aprel oyining oxirida yetakchi bo‘lgan Parijning “Pari Sen-Jermen” jamoasi chempion deb tan olindi, deya qayd etdi TASS.