“Sardoba” suv omborining yorilishi natijasida toshqin oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Hodisa joyida Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya va boshqa davlat xizmatlarining 2 mingga yaqin maxsus texnikasi ishlamoqda. Shuningdek, ushbu hududda Yong‘in o‘chirish mashinalari va motopompa yordamida toshqin suvi uylardan, infratuzilma ob’ektlaridan chiqarilib, sug‘orish va drenaj tizimlari tozalanmoqda.

Bunga qo‘shimcha ravishda elektr tarmoqlari, gaz, suv quvurlari va boshqa turdagi kommunal tarmoqlarini tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Hozirda toshqindan zararlangan 58 ta bazaviy mobil stansiyasidan 48 tasi allaqachon ta’mirlandi.

Shu bilan birga, ishdan chiqqan boshqa infratuzilma ob’ektlariga yetkazilgan zarar miqdorini baholash ishlari olib borilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zarar yetgan infratuzilma ob’ektlariga 8 ta bolalar bog‘chasi, 16 ta maktab, 7 ta tibbiyot muassasasi, 1 ta kollej, 7 ta qabriston, 3 ta masjid, 13 ta respublika ahamiyatidagi ko‘prik, 52 km uzunlikdagi yo‘l, 1 ta dehqon bozorini kiritish mumkin. Shuningdek, 99 ta ko‘p qavatli turar-joy binosiga qisman zarar yetgan.

Ma’lumot uchun, Sirdaryo viloyatining suv toshqini bo‘lgan hududlariga joylardan insonparvarlik yordamlari kelishi davom etmoqda. Bugunga qadar Sirdaryo viloyatiga 180 tonna un, 48 tonna makaron mahsulotlari, 63 tonna o‘simlik moyi, 47 tonna guruch, 37 tonna go‘sht, 58 tonna shakar, 228 tonna kartoshka, 176 tonna piyoz va boshqa mahsulotlar yetkazib berildi.