1 may kuni Sirdaryo viloyatida “Sardoba” suv omborida to‘g‘on o‘pirilishi natijasida shikastlangan elektr tarmoqlarida tiklash ishlari olib borilmoqda. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati xabar qildi.

Izdan chiqqan elektr energiyasi ta’minotini tiklash va hodisa oqibatlarini bartaraf etishga 100 nafardan ortiq xodim, 50 dan ziyod maxsus texnikalar jalb qilindi. Farg‘ona, Andijon, Namangan va boshqa viloyatlardan ham maxsus texnika va zarur jihozlar bilan Sardobaga yetib kelgan.

Hozirda ofat yetgan hududlarda transformator punktlarini suv yuvishi natijasida vujudga kelgan loy va chiqindilardan tozalash, shuningdek, toshqin natijasida yaroqsiz holga kelgan tayanch ustunlarni yangisiga almashtirish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida hududga kelgan harbiy xizmatchilar va boshqa ko‘ngillilar uchun qurilgan vaqtincha yashash joylarini elektr energiyasi bilan ta’minlash ishlariga alohida ahamiyat qaratilmoqda, deyiladi xabarda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarar ko‘rgan hududlarda “Baliqchi”, “A. Tairov”, “Uch tom”, “Yangi hayot” nimstansiyalari suv ostida qolishi natijasida 8 mingdan ortiq iste’molchi elektr energiyasidan uzilib qolgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev tabiiy ofat yetgan hududlarda bo‘lib jabr ko‘rgan aholi vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida hududlarga birinchi galda elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti tez fursatlarda tiklanishi haqida aytib o‘tgan edi.