Favqulodda vaziyatlar vazirligi IIV va Milliy gvardiya vakillari bilan hamkorlikda suv ombori to‘g‘oni yorilishi oqibatida suv toshishi sodir bo‘lgan Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida faollik bilan qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bormoqda.

FVV matbuot xizmatining xabar berishicha, suv ostida qolgan hududlarni ko‘zda kechirish vaqtida daraxtlar, bino tomlari va baland joylarga chiqishga ulgurgan odamlarni aniqlamoqda. Ular motorli qayiqlarda xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilinmoqda, u yerda tibbiy va psixologik yordam olmoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda 20 nafardan ziyod fuqaro qutqarildi. Halok bo‘lganlar haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.

Suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun Sardoba tumanida FVV va boshqa tuzilmalar mutaxassislari faoliyat olib bormoqda. Har bir viloyatdan jabrlanganlarga yordam uchun insonparvarlik yuklaridan iborat karvonlar yetib kelmoqda. Yuklar oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, dori-darmon va shaxsiy gigiyena vositalaridan iborat.

FVV xodimlari Sirdaryoda evakuatsiya qilinganlar uchun 1000 kishilik chodirli lager barpo etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi natijasida katta hudud suv ostida qoldi. 70 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilindi. Juma kuni taxminan 17:00 ga kelib suv chiqishi to‘xtadi. Hozirda qirg‘oqni mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Hodisa joyiga O‘zbekiston prezidenti ham yetib bordi.