30 aprel kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov uning o‘rniga vaqtincha bosh vazir vazifasini bajarib turadigan bo‘ldi. Bu haqdagi tegishli qaror Vladimir Putin tomonidan imzolandi.

«Gazeta.uz» Andrey Belousovning siyosiy faoliyati haqidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tadi:

Andrey Belousov (1959 yilda tug‘ilgan) — Rossiya davlat arbobi, iqtisod fanlari doktori. U ko‘p yillardan beri Vladimir Putinning yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan va uning tarafdorlaridan hisoblanadi.

Belousov davlat xizmatini 2006 yilda iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari lavozimida boshlagan. Bungacha u Makroiqtisodiy tahlil va qisqa muddatli prognozlash markazi asoschisi hamda rahbari sifatida Davlat Dumasining ikkita ixtisoslashgan qo‘mitasida ekspert, bosh vazirning mustaqil maslahatchisi lavozimlarida faoliyat olib borgan. Shuningdek, hukumat hamda Davlat kengashi dasturiy hujjatlarini ishlab chiqishda qatnashgan.

2008 yili o‘sha paytdagi bosh vazir Vladimir Putin Belousovni Rossiya hukumatining Iqtisodiyot va moliya bo‘limi direktori etib tayinlagan. U 2008 yildan 2012 yilgacha Rossiya hukumatining iqtisodiy kun tartibini shakllantirishda muhim rolga ega bo‘lgan.

Belousov 2012 yildan 2013 yilgacha — Medvedev hukumati vaqtida iqtisodiy rivojlanish vaziri bo‘lgan. 2013 yildan 2020 yilga qadar esa Rossiya prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

2020 yil 21 yanvar kuni Belousov Rossiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Shuningdek, Belousov 2015 — 2018 yillar davomida «Rosneft» kompaniyasining direktorlar kengashi raisi bo‘lgan. 2020 yili mart oyidan Rossiya temir yo‘llari («RJD») Davlat korxonasining direktorlar kengashi raisi bo‘lib kelmoqda.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, Belousov iqtisodiyotni milliylashtirish, ya’ni hokimiyatning iqtisodiyotga aralashuvi tarafdori. 2018 yil avgust oyida Andrey Belousovning metallurgiya va kimyo zavodlaridan 513 milliard rubl miqdoridagi ortiqcha daromadni davlat byudjetiga o‘tkazish g‘oyasi katta rezonansga sabab bo‘lgan edi. Biroq hukumat uning bu fikrini rad etdi. Keyinchalik ortiqcha daromadni olish o‘rniga, biznes davlatning yirik va muhim investitsiya loyihalarida qatnashishi ma’lum qilingan.

2018 yilda Andrey Belousovning yillik daromadi umumiy 7,675 mln rublni, uning turmush o‘rtog‘ining daromadi esa 11,164 mln rublni tashkil etgan.

Rasm tarixini o‘rganish va atletik fitnes bilan shug‘ullanishga qiziqadi. Oilali, ikki farzandi bor.