Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin koronavirus bilan kasallandi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Mixail Mishustin bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan onlayn-uchrashuvda ma’lum qilgan.

«Vladimir Vladimirovich, hozirgina men koronavirusga topshirgan testlarning natijasi ijobiy bo‘lganligi haqida ma’lum qilishdi. Shuning uchun va Rospotrebnadzor talablariga muvofiq men „samoizolyatsiya“ qoidalariga va shifokorlar tavsiyalariga rioya qilishim kerak. Bu mening hamkasblarimni himoya qilish uchun muhim», — degan bosh vazir Mishustin.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov vaqtincha bosh vazir vazifasini bajarib turadi. Bu haqda tegishli qaror Vladimir Putin tomonidan qabul qilingan.

Mishustin koronavirus bilan og‘riganligi sababli «o‘zini yakkalash tartibi»ga rioya qilishini ta’kidlagan. Vazirlar mahkamasi bilan esa doimiy aloqada bo‘lib turadi.