“Coca-Cola” jamg‘armasi O‘zbekistonda COVID-19 virusiga qarshi chora-tadbirlar uchun grant ajratdi. Bu haqda “O‘zbekoziqovqatxolding” axborot xizmati xabar berdi.

200 000 AQSH dollari miqdorida bo‘lgan grantning maqsadi — COVID-19 inqirozi bilan bog‘liq bo‘lgan insonparvarlik yordami doirasida O‘zbekistonga nafas oldirish va boshqa tibbiy uskunalarini taqdim qilishdan iboratdir.

BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi “Coca-Cola” jamg‘armasi nomidan ushbu missiyaning ijrosi uchun mas’ul etib belgilangan. BMT Taraqqiyot Dasturi va “Coca-Cola” jamg‘armasining mazkur qo‘shma faoliyati doirasida infeksiyaning eng og‘ir oqibatlaridan aziyat chekayotgan bemorlarning hayotlarini saqlab qolish imkoniyatlarini ta’minlash va kishilarni bu virusga chalingan yoki chalinmaganini aniqlovchi testlarini o‘tkazish uchun zarur uskunalar zudlik bilan sotib olinadi.

Ma’lumot o‘rnida, BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 2011 yildan beri “Coca-Cola” jamg‘armasi bilan hamkorlik qilib keladi. Bu davrga qadar “Coca-Cola” jamg‘armasi umumiy qiymati 505 ming AQSH dollariga teng 5 ta loyihani moliyalashtirgan. Ushbu loyihalar mamlakatdagi bir necha muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlikda Samarqand, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka qishloq joylarida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.