“Toshkent shahrini 2041-yilgacha rivojlantirish bosh reja loyihasini ishlab chiqishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston prezidenti qarori jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Hujjat loyihasida keltirilishicha, poytaxtni 2041-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha bosh reja konsepsiyalari shahar hokimligi, “ToshkentboshplanLITI” DUK va “Kentsel Yenileme Merkezi A.S.” (Turkiya) kompaniyasi ishtirokida ishlab chiqilgan.

Loyihada istisno tariqasida Toshkent bosh rejasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi va bosh loyiha tashkilotiga tender (tanlov) savdolarini o‘tkazmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida mahalliy va xorijiy kompaniyalar, shuningdek mutaxassislarni jalb qilishga ruxsat berish taklif qilinmoqda.

Qurilish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida rezident sifatida joylashish va Toshkent bosh rejasini ishlab chiqishda uning ishtirokini ta’minlagan holda, binolarni axborot modelini tuzish texnologiyasi sohasida (BIM) qo‘shma korxonasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirilgan.

Shuningdek, loyihada mutasaddi organlarga 1 mayga qadar konsepsiya doirasida Toshkent shahrining yangi ma’muriy chegaralarini (hududlarini) belgilash bo‘yicha hukumatga taklif kiritilishi ko‘rsatilgan.

Loyiha muhokamalari 13-mayga qadar davom etadi.