Yangi o‘quv yilida abituriyentlar uchun test sinovlarida qo‘llaniladigan test topshiriqlari o‘tgan yillarda foydalanilgan test topshiriqlariga nisbatan soddalashtiriladi. Bu haqda Davlat test markazi axborot xizmati xabar berdi.

Jumladan, 2019/2020-o‘quv yilida o‘tkazilgan test sinovlari jarayonida tarix va geografiya fanlaridan yozuvsiz xarita, jadval, rasmli test topshiriqlari qo‘llanilgan. Abituriyentlarning test topshiriqlarini tez anglay olishi, fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida endilikda yana chet (ingliz, nemis, fransuz) tillaridan ham holatni ifodalashda rasmli test topshiriqlari shakllantirilmoqda. DTM ushbu o‘zgarish oldingi talabdan ancha oson bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Shuningdek, biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari soni ko‘paytirilayotganligi aytilgan. Ona tili va adabiyotdan mustaqil o‘qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan va fanga oid chizmali test topshiriqlari sonini ko‘paytirish ustida harakatlar olib borilmoqda.

Xabarga ko‘ra, kimyo fanidan shakllantirilayotgan test topshiriqlari tarkibida nazariy savollar sonining oshirilishi va laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlarini yaratish jarayonlari davom etmoqda.

Fizika fani bo‘yicha amalga oshirilayotgan soddalashtirish ishlari quyidagi ko‘rinishda aks etadi:

  • birinchi qiyinlik darajasidagi (eng oson) test topshiriqlari soni 6 tadan 10 tagacha ko‘paytiriladi;
  • jami test topshiriqlari tarkibida nazariy test topshiriqlarining ulushi oshiriladi;
  • abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida «Doimiy fizik kattaliklar jadvali» ishlab chiqilgan va u test sinovlari jarayonida taqdim etiladi.