Koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab 2020 yil noyabrda butunlay to‘xtashi prognoz qilinmoqda. Singapur texnologiya va dizayn universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotda bu haqda so‘z boradi.

Tadqiqot maqsadi koronavirus pandemiyasi hayot siklining egri chizig‘ini baholash va pandemiya qachon tugashini prognoz qilishdan iboratdir.

“Insoniyat tarixidagi pandemiya jarayonlari to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlar va hozirda avj olgan koronavirus infeksiyasi haqida doimiy ravishda to‘planib turadigan ma’lumotlar pandemiyaning tugash sanasini prognoz qilish uchun model yaratishga imkon beradi”, deyiladi olimlar izohida.

Olimlar koronavirus pandemiyasi dunyoda va muayyan davlatlarda 97 foizga, 99 foizga va butunlay tugash sanalarini prognoz qilgan. Tadqiqotchilar kelajakni oldindan aytish juda murakkab ish ekanligini va har qanday prognozni o‘qiyotganda buni yodda tutish kerakligini eslatishgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasi 2020 yilning 27 noyabriga kelib butunlay to‘xtaydi. Koronavirus tarqalishi 30 mayga qadar 97 foizga, 16 iyungacha esa 99 foizga to‘xtashi taxmin qilinmoqda.

Koronavirus infeksiyasi eng ko‘p aniqlangan AQSHda infeksiyaning butunlay tugash sanasi 5 sentyabr, deya prognoz qilinmoqda. Koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyda infeksiyaning hayot sikli butunlay to‘xtashi 9 aprel kuniga to‘g‘ri kelgan.


Dastlabki 25 mamlakatda COVID-19 tugash sanasining uchta muqobil prognozi (taxmin qilingan 97% tugash sanalari bo‘yicha).

Koronavirus pandemiyasidan chiqishning dastlabki sanasi bo‘lgan mamlakatlar orasida O‘zbekiston 16-o‘rinda. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi butunlay 20 mayga qadar tugashi prognoz qilinmoqda. Shu o‘rinda, 30 aprel kuni 97 foizga va 6 may kuni 99 foizga to‘xtashi kutilmoqda.

Shuningdek, koronavirus infeksiyasi qo‘shni mamlakatlar bo‘lgan Qozog‘istonda butunlay 2 avgust kuni (97% — 5 iyun, 99% — 17 iyun), Afg‘onistonda esa to‘liq tugashi 4 sentyabr kuni (97% — 22 iyun, 99% — 9 iyul) deb keltirilgan.

AQSHdagi Jons Xopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘ylab 3,05 milliondan ziyod odamda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bundan 905 662 nafari infeksiyadan sog‘aygan, 212 056 nafar bemor vafot etgan.