28 aprel soat 14:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1939 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Shu bilan birga, vazirlik Farg‘ona viloyatida 7 nafar, Qashqadaryo viloyatida 1 nafar, Buxoro viloyatida esa navbatdagi 9 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan to‘liq sog‘aygani haqida ma’lum qildi. Sog‘ayganlar viloyatlardagi sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Farg‘onada sog‘ayganlarning 2 nafari erkak, 5 nafari ayol bo‘lib, 4 nafari Farg‘ona viloyatidan, 2 nafari Toshkent shahridan va 1 nafari Sirdaryo viloyatidan. Ularning 5 nafari Turkiyadan kelgan va karantinga olingan, kasallik aniqlangach shifoxonaga yotqizilgan. Qolgan 2 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan.

Qashqadaryoda tuzalib chiqqan 14 yoshli (erkak) bemor Chiroqchi tumanidan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan.

Buxoro viloyatida koronavirusga chalingan navbatdagi 9 nafar bemorning barchasi joriy yil 25 mart kuni Rossiyadan charter reys bilan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Ulardan 8 nafari erkak, 1 nafari ayol.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar 909 nafarni tashkil etmoqda.