23 aprel kuni Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi Toshkent aeroportida KTEA o‘pka kasalliklarini davolash uchun elektron apparatlardan iborat 4 ta jamlanmani qabul qilib olgan.Bu haqda milliy palata axborot xizmati Gazeta.uz ga ma’lum qildi.

Keltirilgan apparatlar Uxan shahrida COVID-19 ning og‘ir ko‘rinishlarini davolashda yuqori samara bergan deyiladi xabarda.

Innovatsion qurilma O‘zbekistonga Milliy palata va pekinning “Bei Jing Hong Tian Li Fhamaceutical Co.Ltd” kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida yetkazib berilgan. Qurilma shifoxonalarga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun beg‘araz topshiriladi.

O‘pka kasalliklarini davolash uchun elektr moslamasi KTEA-TTS TreatmentDevice Xitoyning “Beijing Shenzhou Hanfang Medical Technology Co. Ltd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Milliy Palata raisi Rovshan Izamov Xitoy Hayot va sog‘liqni saqlash assotsiatsiyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishgan. Ushbu uyushma direktorining o‘rinbosari Chen Xinpingning so‘zlariga ko‘ra, Xubei viloyatining Uxan shahrida KTEA elektr qurilmalari COVID-19 tashxisi qo‘yilgan bemorlarni davolashda yuqori samaradorlikni namoyish etgan. Natijada, Xitoy poytaxti Pekin shahridagi aksariyat kasalxonalar hozirda KTEA qurilmalari bilan jihozlangan.

Xitoy tomoni KTEA-dan foydalanish va davolash usullari to‘g‘risida mavjud barcha ma’lumotlarni taqdim etgan.

Milliy palata raisining so‘zlariga ko‘ra, Chen Xinping bilan “WeChat” ijtimoiy tarmog‘ida maxsus guruhlar tashkil etish orqali onlayn-konsultatsiyalarni tashkil etish imkoniyati to‘g‘risida kelishuvga erishilgan. Bu xitoylik shifokorlarga bugungi kunda COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarni davolashda ustuvor bo‘lgan KTEA uskunasidan samarali foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatishga imkon berishi aytilgan.