O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dehqon va ishlab chiqaruvchilarga murojaatida narx-navoni oshirish mutlaqo mumkin emasligini ma’lum qildi. Davlat rahbari chorshanba kuni bandligini ta’minlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida dehqonlar va ishlab chiqaruvchilarga murojaat qildi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, narx-navoning oshib ketmasligi bo‘yicha bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev shaxsan shug‘ullanmoqda.

“Narx-navoning oshib ketmasligi bo‘yicha… Bosh prokuror faqat narx-navo bilan shaxsan shug‘ullanyapti. Shu bilan birga, dehqonlarimizga ham, ishlab chiqaruvchilarimizga ham murojaat qilayapmizki, narx-navoni mutlaqo oshirish mumkin emas. Nimaga desangiz, ularga qo‘limizdan kelgancha davlat ko‘mak berayapti. Ulug‘ ayyom ro‘za oyimiz (Ramazon — tahr.) boshlanyapti. Ro‘za oyida narxlar oshadi degan gaplar bor edi bir vaqtlar… bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotning yetakchi soha va tarmoqlarini barqaror ishlatish shartligini ta’kidlab o‘tdi.

“Bir vaqtning o‘zida ham sog‘liqni saqlash kerak, ham ish bilan ta’minlash kerak. Biz hech qachon mana shunday og‘ir masalalarni, ko‘ndalang turgan ikkita-uchta vazifalarni birdaniga yechmaganmiz. Lekin hayotning o‘zi bizga shuni majbur qilyapti”, — dedi u.

Prezident dunyoda hozirda qabul qilinayotgan ham tibbiy, ham iqtisodiy masalalar bo‘yicha to‘g‘ri yechim hech kimda yo‘q ekanini ta’kidladi.

“Hech qaysi davlat ayta olmaydi: bu — eng to‘g‘ri tibbiy yechim, bu — eng to‘g‘ri iqtisodiy yechim, deb. Shuning uchun men yana bir marta aytaman, biz izlanishdamiz, o‘zimizning tajribamizdan kelib chiqib yakkayu yagona to‘g‘ri qarorni o‘zimiz qabul qilishimiz kerak. Shuning uchun mas’uliyat va javobgarlik hammamizda”, — dedi davlat rahbari.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga xabar berishicha, prokuratura organlari oziq-ovqat, dori-darmon, zarur tovarlar bilan uzluksiz ta’minlash, shuningdek, bozor va do‘konlardan uzoq joylarda oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil etish, narxlar barqarorligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini sun’iy ravishda oshirilmasligi ustidan nazorat olib bormoqda.

Karantin boshlanganidan buyon prokurorlar tomonidan 1131 ta holatda narxlarning asossiz oshirilgani bo‘yicha 1025 ta ma’muriy bayonnoma chiqarilib, natijada mahsulotlarni 2,3 mlrd so‘mga arzonlashtirilgan narxda sotish imkoniyati yaratildi.

Toshkent prokurorining birinchi o‘rinbosari Ikrom Narimov Yunusobod dehqon bozorida . Surat: Toshkent prokuraturasi.

Toshkent prokuraturasi muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlarda nazorat organlari rahbarlarining bozorlarga, do‘konlarga, yarmarkalarga tashrif buyurib, “karantin va sanitariya qoidalariga rioya qilish, savdo-sotiqni tashkil etish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni” o‘rganayotgani to‘g‘risida fotosuratlar va xabarlarni chop etmoqda. Shunga o‘xshash tadbirlar mamlakatning boshqa hududlarida ham o‘tkazilmoqda.