Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida ham koronavirus infeksiyasiga chalingan 8 nafar bemor butkul sog‘aydi.

Bemorlar Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 5 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Toshkent viloyatidan va 1 nafari Farg‘ona viloyatidan. Ulardan 1 nafari BAAning Dubay shahridan kelgan. Qolgan 7 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlardan 2 nafari erkak, 6 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 66 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 13 yoshda.

Ushbu klinikada shu paytga qadar 50 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 58 nafarga yetdi.

O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar 503 nafarni tashkil etmoqda.

Hozirga qadar 1716 koronavirus holatlari aniqlangan bo‘lsa, umumiy kasallikka chalingan bemorlarning deyarli 30 foizi sog‘aygan.