Jizzax viloyatida 19 aprel kuni taxminan 07:20 da VAZ-21063 haydovchisi B. U. to‘rt yoshli U. S.ni urib yubordi, deya xabar berdi O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Hodisa Zomin tumanidan o‘tuvchi 4R-34 avtomobil yo‘lining 49 kilometrida qizcha yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga o‘tayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. U tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot muassasasiga yetkazilgan, biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan vafot etgan.

Holat yuzasidan Zomin tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.