Toshkentda 9 ta ma’suliyati cheklangan jamiyati mansabdor shaxslari tomonidan jami 18 ta holatda karantin davrida avtomashinada harakatlanish huquqini beruvchi stikerlarni noqonuniy olishga erishganligi aniqlangan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Jumladan, Mirobod tumanida ro‘yxatdan o‘tib, ulgurji savdo turiga ega bo‘lgan D.F. MCHJ mansabdor shaxslari mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda 7 kishini ishga qabul qilish haqida buyruqlarni rasmiylashtirib, Davlat xizmatlari markazidan stikerlarni noqonuniy ravishda qo‘lga kiritgan.

Mazkur holatlar yuzasidan 17 aprel kuni Mirobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 192−11, 257−1 va 228-moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.