20 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1565 nafarda saqlanib qoldi. Bu haqda mamlakatning bosh davlat sanitariya nazoratchisi Nurmat Otabekov «O‘zbekiston 24» telekanalida efirga uzatilgan ma’lumotida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentdagi uchta tibbiyot muassasasida 371 kishi davolanmoqda, ulardan 78 nafarida klinik pnevmoniya belgilari mavjud.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 94 bemor davolanmoqda, 24 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 83 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 194 bemordan 54 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 5 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.

Hozirgi vaqtga kelib, 92 ming fuqaro karantin muddatini statsionar va uy sharoitida o‘tayapti.

O‘tgan kun davomida koronavirus uchun 11,8 mingta test o‘tkazildi. Asosiy maqsad kasallikni aniqlash va infeksiya o‘choqlarini aniqlashdir, dedi Nurmat Otabekov.

Ma’lumot uchun, koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 225 kishini tashkil etmoqda. Besh kishi hayotdan ko‘z yumgan.