19 aprel kuni Buxoroda 10 nafar, Toshkentda 10 nafar koronavirus qayd etilgan bemorning butunlay sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgani xabar qilindi.

Xususan, Buxoroda tuzalganlarning barchasi joriy yil 25 mart kuni charter reys bilan Rossiyadan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat ixtisoslashgan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan. Sog‘ayganlarning 9 nafari erkak, 1 nafari ayol. Ularning 3 nafari Samarqand viloyatidan, 2 nafari Qashqadaryo viloyatidan, Toshkent shahri, Navoiy, Surxondaryo, Jizzax va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 55 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 19 yoshda.

Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 47 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 57 nafarga yetdi.

Shuningdek, Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 10 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Tuzalganlarning 6 nafari poytaxtdan, 3 nafari Toshent viloyatidan va 1 nafari Qashqadaryo viloyatidan. Ulardan 7 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, yuqtirib olishgan. Shuningdek, ularning 2 nafari Rossiyadan poytaxtga kelgan va «Sokol» oromgohida karantinga olingan, yana 1 nafari esa Moskva — Toshkent yo‘nalishida charter reysi orqali kelgach, Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markaziga joylashtirilgan. Ularda koronavirus infeksiyasi aniqlangach, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolanishni boshlashgan. Bemorlarning 6 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 61 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 13 yoshda.

So‘nggi tekshiruv natijalari ushbu bemorlarda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi. Mazkur klinikada shu paytga qadar 17 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 27 nafarga yetdi.

Ayni paytga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 214 nafar bemor to‘liq sog‘aydi.