AQSHda yangi turdagi koronavirus infeksiyasiga qarshi tajriba vaksinasi ilk bor sog‘lom odam — amerikalik 44 yoshli ayol Jennifer Xallerda sinab ko‘rildi, deya xabar qildi RIA Novosti The Telegraph nashriga tayanib.

Ayol in’eksiyani oddiy gripp uchun em dorisi bilan taqqoslab ko‘rdi: birinchi kuni uning harorati bir oz ko‘tarildi, ikkinchi kuni — qo‘lida kuchli og‘riq paydo bo‘ldi, «biroq faqat shugina — bundan keyin hammasi joyida bo‘ldi», — dedi ayol.

Yaqin kunlarda ayolga vaksinaning ikkinchi dozasi quyilishi kerak. U 2021 yil bahoriga qadar mutaxassislar kuzatuvi ostida bo‘ladi.

Sietldagi Milliy allergiya va yuqumli kasalliklar instituti mart oyi o‘rtalarida odamlarda COVID-19 ga qarshi vaksinaning klinik sinovlari boshlanganini ma’lum qilgan edi. Tajribalarda ishtirok etayotgan ko‘ngillilar yil davomida nazorat ostida bo‘ladi.

Sinovlarga 45 nafar ko‘ngilli saralab olindi. Ularning har biri 28 kun oralig‘ida ikkitadan vaksina ignasini qabul qilib oladi. Tajriba ishtirokchilarida vaksina miqdori farq qiladi: 25, 100 va 150 mikrogramm. Tadqiqotda vaksina xavfsizlik va immun javobini keltirib chiqarish xususiyati bo‘yicha baholanadi, shuningdek, eng maqbul dozasi belgilab olinadi.

Sietldagi institut mRNK-1273 nomini olgan vaksinani Massachusets shtati Kembrij shahrida joylashgan Moderna biotexnologiya kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqdi. Dori vositasi hayvonlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.