Respublika maxsus komissiyasi va Maxsus shtabning 14 apreldagi qo‘shma yig‘ilishi qaroriga asosan Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida joriy etilgan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha barcha cheklovlar Toshkent viloyatining Chirchiq, Olmaliq, Bekobod, Yangiyo‘l, Chinoz shaharlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, iqtisodiyot tarmoqlarining muhim yo‘nalishlari va yirik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyatini davom ettirish, shuningdek, yirik qurilish obyektlarida qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini davom ettirish (boshlash)ga ruxsat berilishi belgilandi. Tegishli ruxsatlar Respublika maxsus komissiyasining hududiy shtablari rahbarlari qarori asosida beriladi.

Bunda ob’ektlarda sanitariya va gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etilishi, xodimlarning ovqatlanishi esa bevosita ushbu obyektlarning o‘zida tashkillashtirilishi lozim.

Seshanba kuni qishloq xo‘jaligidagi vazifalarga bag‘ishlangan majlisda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shunday dedi: “Respublikamiz hududlarida qishloq xo‘jaligida, sanoat va qurilish, iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida, tadbirkorlik subyektlarida ishlarni samarali davom ettirishimiz kerak. Chunki kun kutib turmaydi, hayot davom etmoqda. Bugungi yo‘qotilgan vaqt va imkoniyatlarni ertaga tiklab bo‘lmaydi”.