Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida fuqarolar ko‘chalarda va jamoat joylarida himoya niqoblarida bo‘lishlari belgilangan. «Gazeta.uz» himoya niqoblaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qilgan edi.

Ba’zi kishilar tibbiy himoya qo‘lqoplaridan foydalanishga ham qaror qilishdi. Ko‘plab tibbiyot mutaxassisilari ushbu qo‘lqoplar infeksiyadan saqlamasligini, ularda ham bakteriya va viruslar to‘planib qolishini ta’kidlashgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yo‘riqnomasiga ko‘ra, tibbiy himoya qo‘lqoplaridan faqat shifokorlar bemorlar bilan ishlaganda va uyda bemorlar bilan muloqotda bo‘layotgan vaziyatda foydalanish kerak.

Tibbiyot xodimlari qo‘lqoplarini tezda almashtirib turishlari talab etiladi. Qo‘lqoplar bilan eshik dastalarini ushlash yoki boshqa jihozlarga teginish mumkin emas. Agar qo‘lqoplardan noto‘g‘ri foydalanilsa, ular virus va bakteriyalar tarqalishiga to‘sqinlik qila olmaydi.

Xo‘sh, tibbiy himoya qo‘lqoplaridan qanday qilib to‘g‘ri foydalanish mumkin? Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Yevropa kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi tavsiyalari asosida ushbu qo‘lqoplardan foydalanish qoidalarini havola etamiz.

  • Himoya qo‘lqoplarini kiyishdan oldin qo‘llaringizni antiseptik gel bilan tozalang yoki yaxshilab sovunlab yuving.
  • Bir marotabali qo‘lqoplarni ko‘p marta ishlatmang.
  • Ko‘p marotabali qo‘lqoplardan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, ularni ishlatgandan keyin sovunlab yuving va 0,1 fozli gipoxlorit natriy eritmasi bilan arting.
  • Qo‘lqop yirtilsa, uni darhol yechib tashlang.
  • Qo‘lqoplarni yechgandan so‘ng qo‘llaringizni yuving.

Qo‘lqoplardan foydalanib bo‘lgandan so‘ng, ularni to‘g‘ri yechish juda muhim. Quyida illyustartiv tarzda qo‘lqoplarni qanday yechish kerakligi tushuntirilgan.

Qo‘lqopni tashqi qismidan ushlab, chekkasidan tortishni boshlang.

Qo‘lqopni barmoqlaringizgacha torting.


Yopiq barmoqlaringiz bilan ikkinchi qo‘lqop chekkasini torting.


Ikkinchi qo‘lqopni ham yarmigacha yeching.


Bir qo‘lingizdagi qo‘lqopni oxirigacha yeching.


Keyin ikkinchi qo‘lingizdagi qo‘lqopni yechib tashlang.


Ishlatilgan qo‘lqoplarni axlatga tashlash esingizdan chiqmasin.

Rasmlar: Yevropa kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi.