O‘zbekistonga Xitoydan COVID-19 koronavirusga chalingan bemorlarni davolash va profilaktika qilishda ishlatish uchun bir qator dori vositalari va tibbiyot uskunalari yetib keldi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligining maxsus samolyoti mamlakatning Pekindagi elchixonasi va Shanxaydagi bosh konsulxonasi tomonidan tashkillashtirilgan insonparvarlik yordamlarining to‘rtinchi partiyasi, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi sotib olgan tibbiyot uskunalarni olib keldi.

Yuk tarkibidan to‘rt nomdagi jami 50 ming qadoq dori preparatlari o‘rin oldi. Ular Xitoy Fanlar Akademiyasining Shinjon fizik-kimyoviy texnika va Shanxay farmatsevtika institutlaridan yuborilgan.

«Dunyo» axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentga funksional tibbiy krovatlar, o‘pkani sun’iy shamollatish uskunalari, polimeraza zanjirli reaksiyasi qurilmalari, bolalar va kattalar uchun niqoblar bilan ta’minlangan ambuqoplar, raqamli rentgen diagnostika tizimlari olib kelingan.

Yuk tarkibidan exokardiografiya va tomir doplerlari uchun kardiologiya sensori bo‘lgan ultratovush apparatlari hamda chaqaloqlar uchun o‘pkani sun’iy shamollatish uskunalari, bilirubinni teri orqali aniqlashga mo‘ljallangan jihozlar, havo qabul qilish shkaflari, jarrohlik amaliyoti stollari, gidravlika bilan boshqariladigan stollar hamda «ANDiS 350» tahlil uskunalari va boshqa tibbiy vositalar ham o‘rin olgan.

Shuningdek, «Alibaba Group» kompaniyasi va Jek Ma jamg‘armasi taqdim etgan nafas yo‘llarida ijobiy bosimni ta’minlaydigan 10 ta apparat, tadbirkor Gulbahor Tojimirzayeva, Shanghai International Port Group jamoasi futbolchisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedovning tibbiy buyumlar ko‘rinishidagi xayriya yuklari ham ushbu samolyotda olib kelinadi.