O‘zbekistonda aniqlangan koronavirus holatlari sonining keyin o‘sishi testlashtirishning kengaytirilgani bilan bog‘liq, deya ma’lum qildi dushanba kuni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, faqatgina 5 aprelning o‘zida COVID-19 infeksiyasi borligini aniqlash bo‘yicha 4700 dan ortiq test o‘tkazilgan va 76 ta holat aniqlangan.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMT rahbarlari: „Tezkorlik bilan testlashtirish o‘tkazgan davlatlarda [infeksiya yuqtirganlar] tezda aniqlanadi va izolyatsiya qilinadi, shifoxonaga joylashtiriladi, o‘z vaqtida davolanadi, u yerda natija bo‘ladi va virus keng tarqalishining oldi olinadi“, — deyishmoqda. Shuning uchun biz barcha imkoniyatlardan foydalangan holda barcha karantin zonalarida, aholining risk guruhlarida bunday testlashtirishni kuchaytirdik. Faqatgina kechaning o‘zida biz 4737 ta test o‘tkazdik va 76 ta holatni aniqladik», — dedi vazir.

Koronavirus infeksiyasini erta aniqlash epidemiologik vaziyatni yanada yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaydi, dedi u. Bu holda, oqibatlar yanada yomonlashishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi u.

Alisher Shodmonovning ta’kidlashicha, bemorlarda koronavirus kasallik inkubatsiya davrining turli kunlarida aniqlanadi.

«2−3 kun va 4−5 kun ichida virus aniqlanganlar ham bor. Xalqaro tajribaga asoslanib, shuningdek, inkubatsiya davri 14 kun ekanligini hisobga olgan holda, virus 12, 13 va 14- kunlarda aniqlanadi. Bu 14 kun davomida odamlarni karantinga qo‘yish to‘g‘risidagi qarorning to‘g‘ri ekanligini yana bir bor isbotlaydi. Bugungi kunga kelib 50676 kishi karantindan chiqarildi, ularga kasallik tashxisi qo‘yilmagan», — dedi vazir.