6 apreldan e’tiboran Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar markazlarida «o‘zini yakkalash» hayot tarzi majburiy ravishda joriy etiladi. Bunday qaror 4 aprel kuni O‘zbekistonda koronavirusning tarqalishini oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida qabul qilindi.

Ushbu qaror quyidagilarni nazarda tutadi.

  • Shaxsning o‘zining yashash hududidagi savdo nuqtalarida birinchi galdagi hayotiy zarur bo‘lgan ehtiyojlari (oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalarni xarid qilish va b.) uchun va shifokor ko‘rigiga murojaat etishdan boshqa maqsadlarda chiqishi qat’iyan cheklanadi, ish joyiga borishi va kelishi bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno;
  • Harakatlanishda hamda savdo do‘konlari va boshqa joylarda 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlash talab etiladi;
  • 65 yoshdan yuqori yoshda bo‘lgan va surunkali kasalligi bo‘lgan fuqarolar o‘z uylaridan o‘ta zaruratsiz tashqariga chiqishi qat’iyan man etiladi.

Ushbu talablarni buzgan shaxslar qonunchilikka muvofiq tegishli javobgarlikka tortilishi mumkin.

Toshkent va Nukus hamda viloyat markazlarida 6 aprel soat 06:00 dan e’tiboran mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanish karantin davrida vaqtincha cheklanadi. Bunda faqatgina hayotiy zarur ehtiyojlar — oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalar xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat etish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchun ruxsat etiladi.

Yirik dehqon bozorlari va savdo majmualarining (supermarket, gipermarket va boshqalar) kirish-chiqish joylari tegishli mutaxassislar bilan ta’minlagan holda pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlanadi. Bunda ushbu majmualarga tashrif buyurayotgan har bir fuqaroning tana harorati o‘lchanadi hamda 37 daraja va undan yuqori bo‘lganda, mazkur fuqarolar ushbu majmualarga kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunda ushbu fuqarolarga zudlik bilan tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat etish tavsiya etiladi.

Yirik dehqon bozorlari va savdo majmualari hamda karantin tadbirlari uchun ajratilgan joylarda dezinfeksiya ishlari muntazam ravishda majburiy tartibda amalga oshirib boriladi.

Istisno tariqasida ichki ishlar organlari yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish yo‘li bilan ushlab turiladi.