Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning yana 13 nafari butunlay tuzalib, 2 aprel kuni shifoxonadan chiqarildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ularning 12 nafari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan, 1 nafari esa Xorazm viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonadan sog‘ayib chiqishdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa rasmiy shaxslar ularni Respublika ixtisoslashtirilgan Terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatib qo‘yishdi.

Koronavirus infeksiyasi xastaligidan tuzalgan fuqarolarning 1 nafari 13 mart kuni Istanbul — Toshkent yo‘nalishidagi reysda, yana 1 nafari esa shu yil 18 mart kuni Moskva — Toshkent yo‘nalishidagi reys bilan O‘zbekistonga kelgan. Qolgan 11 nafar kishi esa koronivirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar bilan muloqotda bo‘lishgan.

Shunday qilib, O‘zbekistonda bugungi kunga qadar koronavirus infeksiyasidan to‘liq tuzalgan bemorlar soni 25 kishiga yetdi.