Karantin tadbirlari e’lon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq jami — 17 668 ta, bir sutka davomida 2 700 ta holat aniqlangan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qoidabuzarliklarning aksariyati fuqarolar tibbiy niqob taqmasdan yurganligi uchun (17 109 tasi) ichki ishlar xodimlari tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Bundan tashqari, 314 holatda karantinga olingan fuqarolar karantin hududini tashlab ketganlar, 149 ta holatda vaqtincha to‘xtatilgan savdo va ko‘ngilochar maskanlarni ishini davom ettirganlar va 23 ta holatda fuqarolar to‘y marosimlarini yoki boshqa ta’qiqlangan yig‘inlarni o‘tkazgani uchun javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining ko‘shimcha qilishicha, 4 nafar qoidabuzarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot uchun, eng ko‘p qoidabuzarlik holatlari Toshkent shahrida (3 093 ta) va Farg‘ona viloyatida (2 179 ta), eng kami esa Navoiy (257 ta) va Xorazm (526 ta) viloyatlarida qayd etilgan.