Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida barpo etilgan yangi karantin zonasiga 650 kishi joylashtirildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Qurilish vazirligi matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, karantin markaziga 27 mart kuni charter reyslar bilan xorijdan olib kelingan vatandoshlar joylashtirildi. Tashqi ishlar vazirligining 24 martdagi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu reyslar Moskva va Dubaydan amalga oshirilgan.

Avvalroq 55 gektar maydonda 10 ming kishiga mo‘ljallangan karantin zonasini 5 kun ichida barpo etish rejalashtirilayotgani xabar qilingan edi. Bunda bino sifatida konteynerlardan foydalanilib, ular uch kishi uchun moslashtirilgan. Har bir bo‘linmada konditsioner, sanuzel, dush va televizor mavjud.