Surxondaryo viloyati Termiz tumanida «Matiz» va «Lasetti» to‘qnashuvi natijasida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana biri yaralandi, deya xabar berdi O‘zbekiston IIV YHXBB matbuot xizmati.

Hodisa 26 mart kuni soat 14:00 larda 4R-99 avtomagistralining Ayritom mahallasi hududidan o‘tuvchi qismida sodir bo‘ldi. «Lasetti» haydovchisi X. B. (1970 yilda tug‘ilgan) qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, M. B. (1996 yilda tug‘ilgan) boshqaruvidagi «Matiz» bilan to‘qnashgan.

Hodisa natijasida «Lasetti» haydovchisi voqea joyida vafot etgan. «Matiz» yo‘lovchisi V.A. (1975 yilda tug‘ilgan) kasalxonaga olib ketilayotganda olgan jarohatlari tufayli vafot etgan. «Matiz»ning yana bir yo‘lovchisi F.A (1973 yilda tug‘ilgan) kasalxonaga yotqizilgan.

Yana bir halokatli baxtsiz hodisa 25 mart kuni soat 7:10 da Surxondaryo viloyati Denov tumanida yuz berdi.

Foto: IIV YHXBB matbuot xizmati.

Hyundai haydovchisi M-41 «Bishkek-Dushanbe-Termiz» avtomagistralining 1493-kilometrida harakatlanayotganda rulda uxlab qolgan va boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘ldan chiqib ketib, daraxtga borib urilgan.

Jarohatlar natijasida erkak voqea joyida vafot etdi.