O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda kontrakt to‘lamagan talabalarga stipendiya berilmasligi haqidagi xabarlar bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Bayonotda qayd etilishicha, karantin tufayli berilgan ta’til sabab to‘lov-shartnoma shartlarini bajarishga ulgurmagan talabalarga (shu jumladan, 1-kursning 2-yarmi uchun to‘lovlarga) rektorlar tomonidan qo‘shimcha muddat beriladi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan „so‘nggi muddat — 20 mart“ talabalarga emas, balki 2019/2020 o‘quv yilida bakalavriat va magistraturaning birinchi kursiga to‘lov-shartnoma asosida talabalikka tavsiya etilgan hamda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarga taalluqli», — deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, OTMda o‘quv mashg‘ulotlariga qatnagan hamda to‘lov-kontraktni 1-semestr uchun to‘lamaganlar ham — abituriyent maqomida hisoblanadi.

Shuningdek, karantin davrida talabalarga belgilangan tartibda stipendiya to‘lab beriladi. Faqatgina to‘lov turida o‘zgarish bo‘ladi va naqd pul ko‘rinishida olayotganlarga stipendiya puli talabaning plastik kartasiga tushirib beriladi.

Oliy ta’lim muassasalarida karantin davrida to‘lov-shartnoma shartlarini bajarishga ulgurmaganlar talabalar safidan chiqarilmaydi va barcha talabalarga ta’lim shakli va o‘zlari tanlagan to‘lov turidan kelib chiqib, belgilangan tartibda stipendiyalar to‘liq to‘lab boriladi, deya vazirlik bayonotida rasman ma’lum qilinadi.

Respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalarida talabalarga joriy yil mart oyi uchun stipendiyalar to‘lab berilgan. Shu bilan birga, to‘lov-kontrakt pulini to‘lamaganligi, akademik qarzdorligi, tegishli buyruq rasmiylashtirilmaganligi yoki bank plastik kartasi berilmaganligi uchun stipendiya to‘lashda kechikishlarga yo‘l qo‘yilgan holatlari aniqlanganligi ham bayonotda qayd etilgan.

Mazkur holatlar vazirlik ma’lum qilishicha, aksariyat hollarda talabalar tomonidan to‘lov-shartnoma shartlarining kech bajarilgani stipendiya tayinlash va bank plastik kartalarini ochishning kechikishiga asosiy sabab bo‘lgan.

Bu holatlarni ijobiy hal qilish uchun hozirda vazirlik tomonidan respublika miqyosida stipendiya to‘lanmagan talabalar haqida ma’lumot umumlashtirilib ularga naqd pul ko‘rinishida to‘lanmay qolgan stipendiyalar talabaning doimiy yashash joyiga pochta orqali yuborilishi yoki tumanlardagi bank filiallari orqali ro‘yxat asosida tarqatilishi hamda bank plastik kartalari orqali to‘lanishi, plastik kartalar ochilmagan talabalarga yangi kartalar ochilib, bank muassasasining hududiy bo‘limi orqali yetkazilishi rejalashtirilgan.